Prava olish tartibi 2026: avtomaktabdan guvohnomagacha
Haydovchilik guvohnomasi bir necha bosqichdan o'tib olinadi: o'qish, tibbiy ma'lumotnoma, ikkita imtihon va guvohnomani rasmiylashtirish. 2026-yildan boshlab nazariy qismni mustaqil o'qish mumkin bo'ldi. Quyida butun yo'lni tartib bilan yozdik.
1. Yosh talabi
B toifasi (yengil avtomobil) uchun guvohnoma 18 yoshdan beriladi. Boshqa toifalar uchun yosh chegarasi farq qiladi.
2026-yil 1-yanvardan moped va skuterlar uchun alohida A1 toifasi joriy qilindi. A, B, C yoki D toifali guvohnomasi borlar uchun A1 bo'yicha qo'shimcha o'qish talab qilinmaydi.
2. O'qish: nazariya mustaqil, amaliyot avtomaktabda
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 25-oktabrdagi 676-son qaroriga ko'ra, 2026-yil 1-fevraldan A va B toifalari bo'yicha nazariy qismni mustaqil, onlayn yoki oflayn o'qish mumkin.
Amaliy mashg'ulotlar esa majburiy bo'lib qoladi va faqat davlat yoki xususiy avtomaktabda, instruktor bilan o'tiladi.
Nazariyani mustaqil o'qiyotgan bo'lsangiz, Rulio'dagi 63 bilet va xatolar tahlili aynan shu bosqich uchun.
3. Tibbiy ma'lumotnoma
Imtihonga hujjat topshirishda tibbiy ko'rikdan o'tganingizni tasdiqlovchi 083-shakl kerak bo'ladi. Uni oldindan oling, chunki usiz ariza qabul qilinmaydi.
4. Yagona imtihon markaziga (YIM) ariza
Arizani onlayn yoki markazning o'zida topshirasiz. Odatda quyidagilar so'raladi:
- ariza
- pasport yoki ID-karta
- 083-shakldagi tibbiy ma'lumotnoma
- avtomaktabda amaliy o'qishni tugatganlik haqidagi ma'lumot
5. Nazariy imtihon
Kompyuterda 20 ta savolga javob berasiz. B toifasi uchun kamida 18 ta to'g'ri javob kerak, ya'ni 2 tagacha xato qilish mumkin. A1 toifasi uchun 16 ta to'g'ri javob yetarli.
Imtihon formati haqida batafsil alohida maqolamizda yozdik.
6. Amaliy imtihon
Nazariyadan o'tgach, amaliy imtihon topshiriladi: avtodromdagi mashqlar va shahar yo'llarida haydash. Ikkalasidan o'tganlarga sertifikat beriladi.
7. Guvohnomani olish
Sertifikat 1 yil davomida guvohnoma olish uchun asos bo'ladi. Guvohnomani YHXX bo'linmasi, Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali rasmiylashtirasiz. Milliy guvohnoma 10 yil muddatga beriladi.
Imtihon va guvohnoma uchun to'lov miqdorlari o'zgarib turadi. Ariza topshirishdan oldin amaldagi summani my.gov.uz yoki YIM'dan aniqlang.